Robify Academy

Ommaviy oferta

Ta'lim xizmatlarini ko'rsatish bo'yicha

Toshkent shahri · 2026-yil «01» iyun

Ikkala yo'nalish ofertasi deyarli bir xil: asosiy farq chetida chiziq bilan belgilangan 2.1-bandda (dastur va uning muddati).

Mundarijaexpand_more
  1. 1.Atamalar
  2. 2.Shartnoma predmeti
  3. 3.Ofertani akseptlash va shartnomaning kuchga kirishi
  4. 4.Ijrochining huquqlari va majburiyatlari
  5. 5.Buyurtmachi va o'quvchining huquqlari va majburiyatlari
  6. 6.Xizmatlar narxi va to'lash tartibi
  7. 7.Fors-major
  8. 8.Korrupsiyaga qarshi shartlashuv
  9. 9.Shaxsiy ma'lumotlar
  10. 10.Yakuniy qoidalar
  11. 11.Ijrochining rekvizitlari
«KELAJAK MUHANDISLARI» MChJ (bundan buyon matnda — «IJROCHI» yoki «Robify Academy»), direktori Raxmatov J. shaxsida, o'zining rasmiy veb-saytida / Telegram kanalida ofertani https://educoin.uz saytida joylashtirilgan ushbu hujjat orqali jismoniy shaxslarga (bundan buyon matnda — «BUYURTMACHI» va «O'QUVCHI») Robify Academy'da ta'lim xizmatlari olish bo'yicha shartnoma tuzishni taklif qiladi.
«KELAJAK MUHANDISLARI» MChJ (bundan buyon matnda — «IJROCHI» yoki «Robify Academy»), direktori Raxmatov J. shaxsida, o'zining rasmiy veb-saytida / Telegram kanalida ofertani https://educoin.uz veb saytida joylashtirilgan ushbu hujjat orqali jismoniy shaxslarga (bundan buyon matnda — «BUYURTMACHI» va «O'QUVCHI») Robify Academy'da ta'lim xizmatlari olish bo'yicha shartnoma tuzishni taklif qiladi.

Ushbu hujjat O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining shartnoma tuzish, taklif (oferta) va uni qabul qilish (akseptlash) haqidagi qoidalariga muvofiq Ijrochining ommaviy taklifi (oferta) hisoblanadi. Quyida bayon etilgan shartlarni to'liq va so'zsiz qabul qilgan (akseptlagan) har qanday shaxs Ijrochi bilan ushbu shartlardagi ta'lim xizmatlari shartnomasini tuzgan hisoblanadi. Shartnoma alohida qog'ozda imzolanmaydi.

1.Atamalar

1.1. Oferta — ushbu hujjat; Ijrochining noaniq doiradagi shaxslarga qaratilgan, ta'lim xizmatlarini ko'rsatish shartlarini o'z ichiga olgan rasmiy taklifi.

1.2. Akseptlash (Aksept) — Buyurtmachining ushbu Oferta shartlarini to'liq va so'zsiz qabul qilishi. Aksept 3.1-bandda ko'rsatilgan harakatlardan birini bajarish orqali amalga oshiriladi.

1.3. Buyurtmachi — Ofertani akseptlagan va ta'lim xizmatlari uchun haq to'lash majburiyatini o'z zimmasiga olgan jismoniy shaxs (o'quvchining ota-onasi, qonuniy vakili yoki o'quvchining o'zi). Buyurtmachi bir vaqtning o'zida O'quvchi bo'lishi mumkin.

1.4. O'quvchi — Ijrochining ta'lim xizmatlaridan bevosita foydalanuvchi, o'qish uchun ro'yxatdan o'tkazilgan shaxs.

1.5. Xizmatlar — Ijrochi tomonidan Robify Academy'da Robototexnika va Dasturlash yo'nalishlari bo'yicha ko'rsatiladigan, 1.6-bandda nazarda tutilgan nodavlat ta'lim xizmatlari.

1.6. Nodavlat ta'lim xizmatlari — O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslarga pullik asosda ko'rsatiladigan ta'lim xizmatlari.

1.7. Dars — tasdiqlangan jadval asosida o'tkaziladigan bitta o'quv mashg'uloti.

1.8. Asosiy dars — haq to'lanadigan va Modul tarkibiga kiritiladigan dars.

1.9. Qo'shimcha dars — Ijrochi tomonidan o'quv jarayonini qo'llab-quvvatlash, kompensatsiya qilish yoki jadval imkoniyatidan kelib chiqib tashkil etiladigan, alohida haq undirilmaydigan mashg'ulot.

1.10. Modul — 12 (o'n ikki) ta asosiy darsdan iborat alohida o'quv birligi. Har bir Modul mustaqil to'lov birligi hisoblanadi.

1.11. Modul qiymati — 12 (o'n ikki) ta asosiy darsdan iborat bitta Modul uchun belgilangan to'lov summasi. Modul qiymati 1-ilovada keltirilgan.

1.12. Modul bo'yicha oldindan to'lov — tegishli Modul boshlanishidan oldin 100% miqdorda amalga oshiriladigan to'lov.

1.13. Guruh shakllanganligi — Ijrochi tomonidan o'quv jarayonini boshlash uchun zarur tarkib va jadval tasdiqlangan holat.

1.14. Uzrli sabablar — 4.11-bandda ko'rsatilgan, O'quvchining darsga qatnasha olmasligini asoslovchi hujjatlar bilan tasdiqlanadigan holatlar.

1.15. Muzlatish (Tanaffus) — Ijrochi roziligi asosida O'quvchining to'lovini va o'qishini vaqtincha to'xtatib turish tartibi bo'lib, to'lovni qaytarib berishni anglatmaydi.

1.16. LMS/CRM — Ijrochining o'quv jarayonini va davomatni yuritish tizimi.

2.Shartnoma predmeti

2.1. Ijrochi ushbu Oferta shartlariga va ichki o'qitish tartib-qoidalariga muvofiq O'quvchiga uning tanlovi asosida Robototexnika yo'nalishidagi 12 oylik dastur bo'yicha ta'lim xizmatlarini ko'rsatadi, Buyurtmachi esa xizmatlar uchun haq to'lash majburiyatini oladi.

2.1. Ijrochi ushbu Oferta shartlariga va ichki o'qitish tartib-qoidalariga muvofiq O'quvchiga uning tanlovi asosida Foundation dasturlash yo'nalishidagi 9 oylik dastur bo'yicha ta'lim xizmatlarini ko'rsatadi, Buyurtmachi esa xizmatlar uchun haq to'lash majburiyatini oladi.

2.2. Yo'nalish, guruh, dars jadvali va Modul qiymati ro'yxatdan o'tish vaqtida Buyurtmachi bilan kelishiladi va 1-ilovada hamda Ijrochining ma'lumotlarida ko'rsatiladi.

2.3. Ijrochi ta'lim xizmatlari natijasiga (bilim darajasiga, ish bilan ta'minlanishga, musobaqalardagi yutuqlarga va h.k.) kafolat bermaydi; natija O'quvchining mehnati, davomati va topshiriqlarni bajarishiga ham bog'liq.

3.Ofertani akseptlash va shartnomaning kuchga kirishi

3.1. Ofertani akseptlash quyidagi harakatlardan birini bajarish bilan amalga oshiriladi:

  1. a)Ijrochining veb-saytida yoki Telegram-botida ro'yxatdan o'tish anketasini (2-ilova) to'ldirib, Oferta shartlari bilan tanishganligini va rozi ekanligini elektron tarzda tasdiqlash;
  2. b)Ijrochining ma'muriyatiga shaxsan murojaat qilib, anketani to'ldirish va Oferta bilan tanishganlikni tasdiqlash;
  3. c)Modul uchun to'lovni (to'liq yoki qisman) amalga oshirish.

3.2. Shartnoma Aksept sodir bo'lgan kundan boshlab tuzilgan hisoblanadi va Tomonlar majburiyatlarini to'liq bajarguncha amal qiladi.

3.3. Akseptlash orqali Buyurtmachi: Oferta va uning ilovalarining har bir bandi bilan diqqat bilan tanishib chiqqanini, ularni tushunganini va to'liq qabul qilishini; anketada ko'rsatgan ma'lumotlari to'g'riligini; O'quvchi voyaga yetmagan bo'lsa, uning nomidan shartnoma tuzish huquqiga ega ekanligini tasdiqlaydi.

3.4. Ijrochi Ofertaga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish huquqiga ega. Yangi tahrir Ijrochining rasmiy axborot manbalarida (veb-sayt/Telegram kanali) joylashtirilgan kundan kuchga kiradi. Kuchga kirgan o'zgarishlar avvaldan to'liq to'langan Modulga nisbatan qo'llanilmaydi. Ofertaning amaldagi tahriri bilan tanishib turish Buyurtmachining zimmasida.

3.5. Ijrochi Ofertani istalgan vaqtda bekor qilishi mumkin; bunda Aksept qilingan va to'langan Modul bo'yicha xizmatlar avvalgi shartlarda to'liq ko'rsatiladi.

4.Ijrochining huquqlari va majburiyatlari

4.1. Ijrochi xizmatlarni o'quv dasturi va tasdiqlangan jadvalga muvofiq, har bir Modul bo'yicha kamida 12 (o'n ikki) ta asosiy dars hajmida sifatli ko'rsatishi shart.

4.2. O'quvchi tomonidan o'qish to'lovi belgilangan muddatda amalga oshirilmagan (kechiktirilgan) taqdirda, Ijrochi O'quvchining darslarga (shu jumladan onlayn platformalarga) kirishini, shuningdek taqdim etiladigan barcha qo'shimcha xizmatlarni (masalan, qo'shimcha maslahatlar, resurslarga kirish) to'lov to'liq amalga oshirilgunga qadar cheklash huquqiga ega.

4.3. Ijrochi 5 (besh) kishidan ko'p bo'lmagan guruhlar uchun o'quv soatlari sonini (yoki mashg'ulotlar sonini), o'quv kursi dasturining to'liq hajmini saqlagan holda, qisqartirish huquqiga ega.

4.4. Guruhlarda o'quvchilar soni 5 tadan kamaygan taqdirda, Ijrochi bunday guruhlarni birlashtirish yoki tarqatib yuborish huquqini saqlab qolgan holda, O'quvchiga o'qishni boshqa alternativ guruhda davom ettirish imkoniyatini yaratadi. Bu holatda to'lov qaytarib berilmaydi. Agar yangi guruhning darajasi O'quv bo'limi xulosasiga ko'ra O'quvchining bilim darajasiga mos kelmasa yoki taklif qilingan jadval (vaqt) O'quvchiga noqulay bo'lsa, Ijrochi O'quvchiga mos guruhni tanlash uchun to'lovni 3 (uch) haftagacha muzlatib qo'yishni ta'minlaydi.

4.5. O'quvchi 4.11-bandda ko'rsatilgan uzrli sabablarga ko'ra o'qishni vaqtincha to'xtatish zarurati tug'ilganda va buni tasdiqlovchi hujjatlar belgilangan tartibda taqdim etilganda, Ijrochi rahbariyatining yozma roziligi asosida O'quvchiga bir marta qo'shimcha muzlatish berilishi mumkin; muzlatish muddati 3 (uch) oygacha bo'lishi mumkin. Muzlatish davrida O'quvchi o'quv mashg'ulotlarida ishtirok etmaydi va mazkur davr uchun darslar kompensatsiya qilinmaydi; muddat tugagach O'quvchi Ijrochi taqdim etadigan mos guruhga (daraja va jadval imkoniyatlaridan kelib chiqib) qayta biriktiriladi.

4.6. Muzlatish muddati tugagan kundan boshlab 7 (yetti) kalendar kuni ichida O'quvchi o'qishni davom ettirishni yozma (yoki rasmiy elektron) tarzda tasdiqlamagan taqdirda, Ijrochi O'quvchini faol guruhdan chiqarish va/yoki Shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega bo'ladi; bu holatda O'quvchi tomonidan to'langan summalar qaytarib berilmaydi, muzlatib qo'yilmaydi va keyingi davrlarga o'tkazilmaydi.

4.7. Agar O'quvchi bir Modul doirasida 3 (uch) tadan ortiq darsni ushbu Shartnomada nazarda tutilgan uzrli sabablardan tashqari hollarda qoldirsa, Ijrochi xizmat ko'rsatishni vaqtincha to'xtatish, O'quvchini navbatdagi darslarga qo'ymaslik va/yoki faol guruh tarkibidan chiqarish huquqiga ega. Bunday holda tegishli Modul bo'yicha ilgari to'langan summa qaytarib berilmaydi, muzlatib qo'yilmaydi hamda keyingi Modulga o'tkazilmaydi. Ijrochi istisno tariqasida O'quvchiga boshqa guruhda yoki boshqa darajada ta'limni davom ettirish imkoniyatini berishi mumkin, biroq buni kafolatlamaydi. Agar O'quvchi darslarni uzrli sabablar asosida qoldirgan bo'lsa va tasdiqlovchi hujjatlarni belgilangan tartibda taqdim etsa, chegirma 4.10-bandga muvofiq qo'llaniladi.

4.8. O'quvchining darslarda ishtiroki (davomati) bo'yicha rasmiy hisob-kitob va qarorlar Ijrochining LMS/CRM tizimida qayd etilgan ma'lumotlar hamda darsni olib borgan o'qituvchining tasdig'i (elektron tasdiq yoki imzo) asosida yuritiladi. Buyurtmachi/O'quvchi davomat bo'yicha e'tirozini dars o'tilgan kundan boshlab 24 (yigirma to'rt) soat ichida yozma (yoki rasmiy elektron) tarzda bildirishi shart; ushbu muddat o'tgach, LMS/CRMdagi qaydlar yakuniy va o'zgarmas hisoblanadi.

4.9. Ijrochi dars jadvali (kun/vaqt)ni o'zgartirish zarurati yuzaga kelganda, Buyurtmachini imkon qadar oldindan, kamida 24 (yigirma to'rt) soat avval, SMS xabari va ro'yxatdan o'tishda ko'rsatilgan telefon raqamiga bog'langan Telegram profili orqali xabardor qiladi (favqulodda holatlar bundan mustasno). Jadval o'zgargani sababli O'quvchi yangi jadvalda o'qishni davom ettira olmasa, xabarnoma olingan kundan boshlab 3 (uch) kalendar kuni ichida Ijrochiga alternativ guruh/jadval so'rovi bilan murojaat qilish huquqiga ega. Ijrochi mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqib kamida 2 (ikki) ta alternativ variant taklif qiladi. Takliflar mos kelmasa yoki mos alternativ taqdim etishning imkoni bo'lmasa, Ijrochi to'lovni 3 (uch) haftagacha muzlatib qo'yishni (yoki Buyurtmachi tanloviga ko'ra, o'tkazib yuboriladigan darslar miqdoriga mutanosib kredit/chegirmani keyingi to'lov davrida qo'llashni) ta'minlaydi. Ijrochidan mustaqil sabablarga ko'ra yuzaga kelgan favqulodda holatlar (elektr/Internet uzilishi, xavfsizlik holatlari, davlat bayramlari va sh.k.) uchun ushbu band 7-bo'lim (fors-major) qoidalariga muvofiq qo'llaniladi.

4.10. O'quvchi uzrli sabablarga ko'ra darslarni qoldirgan va belgilangan tartibda tasdiqlovchi hujjat taqdim etgan bo'lsa, Ijrochi o'tkazib yuborilgan darslar soniga mutanosib ravishda keyingi Modul bo'yicha to'lovda chegirma (kredit) taqdim etadi. Chegirma quyidagi formula asosida hisoblanadi:

1 dars qiymati = tegishli Modul qiymati / 12Chegirma = 1 dars qiymati × uzrli sabab bilan qoldirilgan darslar soni

Chegirma naqd pul ko'rinishida qaytarilmaydi, faqat keyingi Modul uchun to'lovdan ushlab qolinadi va faqat ushbu Shartnoma amal qilish davrida qo'llaniladi.

4.11. Uzrli sabablar — O'quvchining darsda qatnasha olmasligiga obyektiv to'sqinlik qiluvchi quyidagi holatlar:

  1. a)sog'liq holati (shifokor ma'lumotnomasi bilan);
  2. b)yaqin qarindoshning vafoti (tasdiqlovchi hujjat bilan);
  3. c)sud/huquqni muhofaza qiluvchi organlar chaqiruvi yoki davlat organlariga majburiy borish (chaqiruv/rasmiy xat bilan);
  4. d)xizmat safarlari (ish beruvchi tomonidan berilgan buyruq/yo'llanma bilan);
  5. e)tabiiy ofat yoki favqulodda holat (rasmiy xabarlar bilan).

Buyurtmachi/O'quvchi uzrli sabab yuzaga kelganini imkon qadar oldindan, buning imkoni bo'lmasa 24 soat ichida xabar qiladi va 3 (uch) ish kuni ichida tasdiqlovchi hujjat taqdim etadi. Belgilangan muddatlarda tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmasa, dars qoldirish «sababsiz» deb hisoblanadi.

4.12. Buyurtmachi (O'quvchi)ning aybi bilan qoldirilgan darslar uchun hamda 4.2, 7.2, 10.1 va 10.2-bandlarda ko'rsatilgan hollarda o'tkazib yuborilgan darslar va ularning narxi qoplanmaydi.

4.13. Ijrochi ta'lim to'lovining ilgari to'langan miqdorini qaytarmaslik huquqini saqlab qolgan holda, o'qishning butun davrida (yoki istalgan bosqichida) o'qituvchilar tarkibiga o'zgartirishlar kiritish huquqiga ega.

5.Buyurtmachi va o'quvchining huquqlari va majburiyatlari

5.1. Buyurtmachi xizmatlar uchun haqni ushbu Shartnomada belgilangan miqdor va muddatlarda to'lashi shart.

5.2. Buyurtmachi anketada va murojaatlarda to'g'ri va dolzarb ma'lumotlarni (shu jumladan aloqa telefon raqamini) ko'rsatishi hamda ular o'zgarganda Ijrochini xabardor qilishi shart.

5.3. O'quvchi Ijrochining ichki tartib-qoidalariga rioya qilishi, dars paytida aloqa vositalaridan foydalanmasligi, o'qituvchi va boshqa o'quvchilarga hurmat bilan munosabatda bo'lishi shart.

5.4. O'quvchi Ijrochiga tegishli mol-mulk (jumladan, robototexnika to'plamlari, kompyuter va boshqa jihozlar)ni asrab-avaylashi shart. O'quvchi tomonidan yetkazilgan moddiy zararni Buyurtmachi qoplaydi.

5.5. O'quvchi ta'lim dasturi bo'yicha Ijrochi tomonidan o'rnatilgan normativlarni (topshiriqlar, loyihalar, sinovlar) belgilangan muddatlarda topshirishi kerak.

5.6. Buyurtmachi xizmatlar sifati, dars jadvali va to'lov masalalari bo'yicha Ijrochi ma'muriyatiga murojaat qilish, ta'lim jarayoni haqida axborot olish huquqiga ega.

5.7. O'quvchi o'zlashtira olmagan har bir Modulni Ijrochining ichki baholash mezonlariga muvofiq 50% chegirma bilan qayta o'qish huquqiga ega. Qayta o'qish muddati va jadvali Ijrochi tomonidan mavjud guruhlar va o'quv jadvalidan kelib chiqib belgilanadi.

6.Xizmatlar narxi va to'lash tartibi

6.1. Ta'lim xizmati bo'yicha hisob-kitob birligi sifatida Modul qo'llaniladi. Har bir Modul 12 (o'n ikki) ta asosiy darsdan iborat bo'lib, alohida to'lov birligi hisoblanadi. Modul qiymati 1-ilovada belgilangan.

6.2. Xizmat ko'rsatish O'quvchi tanlagan yo'nalish bo'yicha guruh shakllangandan so'ng boshlanadi.

6.3. Ta'lim xizmati har bir Modul bo'yicha Buyurtmachi tomonidan 100% oldindan to'lov amalga oshirilgandan so'ng ko'rsatiladi. Har bir keyingi Modul uchun to'lov tegishli Modul boshlanishidan kamida 3 (uch) ish kuni oldin amalga oshirilishi shart.

6.4. To'lov Ijrochining hisob raqamiga bank o'tkazmasi, to'lov ilovalari yoki Ijrochi ko'rsatgan boshqa usullar orqali, to'lov maqsadida O'quvchining F.I.Sh. va Modul raqamini ko'rsatgan holda amalga oshiriladi. Ijrochi to’lovlarni Payme/Click/Uzum va h.k. orqali qabul qiladi

6.5. Buyurtmachi tegishli Modul bo'yicha to'lovni belgilangan muddatda amalga oshirmagan taqdirda, Ijrochi O'quvchining darslarga (shu jumladan onlayn platformalarga) kirishini cheklashga va xizmat ko'rsatishni vaqtincha to'xtatishga haqli. Xizmat ko'rsatish to'lov to'liq amalga oshirilgandan keyin tiklanadi.

6.6. Xizmatlar narxi o'quv xarajatlarining ko'payishi, inflyatsiya yoki boshqa iqtisodiy omillar sababli o'zgargan taqdirda, yangi narxlar faqat hali boshlanmagan va to'lanmagan keyingi Modullar uchun qo'llaniladi. Avvaldan to'liq to'langan Modul narxi qayta hisoblanmaydi. Bunda Ijrochi O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi o'zgarishini yoki inflyatsiya darajasini narx o'zgarishiga asos qilib ko'rsatishi mumkin. Yangi narxlar Ijrochining axborot manbalarida e'lon qilinadi.

6.7. Ijrochi ayrim davrlarda 13- yoki 14-dars ko'rinishida qo'shimcha mashg'ulotlar tashkil etishi mumkin. Bunday mashg'ulotlar uchun alohida haq undirilmaydi va ular, Shartnomada boshqacha nazarda tutilmagan bo'lsa, pullik Modul tarkibidagi 12 (o'n ikki) ta asosiy dars o'rniga kiritilmaydi.

6.8. Agar asosiy o'qituvchi Modul tarkibidagi 12 ta asosiy darsdan birini yoki bir nechtasini o'tkazmagan bo'lsa, o'sha davrda o'tkazilgan 13- va/yoki 14-darslar (mavjud bo'lsa) o'tkazilmay qolgan darslar o'rniga hisoblanadi. Asosiy o'qituvchi tomonidan o'tkazilmay qolgan darslar aynan o'sha Modul doirasida kompensatsiya qilinishi shart. Natijada O'quvchiga har bir Modul bo'yicha kamida 12 (o'n ikki) ta asosiy dars taqdim etilishi lozim.

7.Fors-major

7.1. Majburiyatlarni bajarmaslik Tomonlar Shartnoma tuzishda oldindan ko'ra olmaydigan va oldini ololmaydigan fors-major holatlari natijasida yuzaga kelgan bo'lsa, Tomonlar majburiyatlarni qisman yoki to'liq bajarmaganliklari uchun javobgarlikdan ozod qilinadi. Majburiyatlarni bajarish imkoni bo'lmagan holat yuzaga kelgan Tomon qisqa vaqt ichida boshqa Tomonni uning boshlanishi (yoki tugashi) to'g'risida xabardor qilishi kerak.

7.2. Ijrochi tomonidan fors-major (jumladan, dars kunlarining ommaviy bayram kunlariga to'g'ri kelishi, o'quv binosiga kirishga vaqtincha cheklovlar, o'quv binosida elektr (yoki suv) ta'minoti uzilishi va boshqalar) holatlarida darslar boshqa kunga qoldirilmasdan bekor qilinadi, to'lov summasi esa keyingi oyga o'tkazilmaydi va qaytarib berilmaydi (yoki muzlatib qo'yilmaydi). Bunday hollarda Ijrochi fors-major sababli o'tilmagan dars o'rniga qo'shimcha dars o'tish huquqini o'zida saqlab qoladi.

7.3. Agar 7.2-bandda ko'rsatilgan holatlar vaqtinchalik bo'lmay, uzoq cho'zilib, Shartnomaning bajarilishiga sezilarli to'sqinlik qilsa, Tomonlar kelishgan holda Shartnomani bekor qiladilar va ko'rsatilgan xizmatlar hajmi bo'yicha o'zaro hisob-kitob amalga oshiriladi.

8.Korrupsiyaga qarshi shartlashuv

8.1. Tomonlar, ularning affillangan (o'zaro bog'langan) shaxslari va xodimlari ushbu Shartnoma bo'yicha majburiyatlarni bajarish davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablarining buzilishiga olib keladigan va/yoki korrupsiya xarakteriga ega bo'lgan, shu jumladan pora berish yoki berishga va'da qilish, tama'girlik, pora olishga bevosita yoki bilvosita rozi bo'lish xatti-harakatlari/harakatsizliklarini sodir etmaydilar.

8.2. Tomonlar, ularning affillangan shaxslari va xodimlari boshqa Tomonning xodimlari yoki vakolatli vakillarini pul mablag'lari, sovg'alar taqdim etish, ularning manziliga xizmatlarni beg'araz ko'rsatish yoki bu xodim/vakil tomonidan rag'batlantiruvchi Tomon foydasiga biror xatti-harakat/harakatsizlikni ta'minlashga qaratilgan boshqa usullar bilan rag'batlantirishdan voz kechadilar.

8.3. 8.1 va 8.2-bandlar talablari buzilganligi yoki buzilishi mumkinligi haqida shubha yuzaga kelganda, tegishli Tomon bu haqda ikkinchi Tomonni xabardor qiladi; qonun hujjatlari buzilganligining rad etib bo'lmaydigan dalillari mavjud bo'lsa, amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli organlarni ham xabardor qilish majburiyatini oladi.

9.Shaxsiy ma'lumotlar

9.1. Akseptlash orqali Buyurtmachi o'zining va O'quvchining shaxsiy ma'lumotlarini (F.I.Sh., tug'ilgan sana, passport ma'lumotlari, yashash manzili, telefon raqami, Telegram profili, davomat va o'zlashtirish natijalari) Ijrochi tomonidan shartnomani tuzish va bajarish, aloqa o'rnatish, hisob-kitob va o'quv jarayonini yuritish maqsadlarida to'plash, saqlash va qayta ishlashiga O'zbekiston Respublikasining «Shaxsiy ma'lumotlar to'g'risida»gi qonuni talablariga muvofiq o'z roziligini beradi.

9.2. Ijrochi shaxsiy ma'lumotlarni uchinchi shaxslarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari oshkor etmaydi. O'quvchi voyaga yetmagan bo'lsa, rozilik uning qonuniy vakili tomonidan beriladi.

10.Yakuniy qoidalar

10.1. Ijrochi tomonidan ko'rsatilayotgan ta'lim xizmatlari natijalarining Buyurtmachi (O'quvchi)ning individual kutgan umid-istaklari, shaxsiy qoniqish darajasi yoki subyektiv baholariga mos kelmasligi Ijrochining majburiyatlarni lozim darajada bajarmaganligini anglatmaydi, agar xizmatlar O'zbekiston Respublikasining amaldagi ta'lim standartlari, tasdiqlangan o'quv dasturlari va tegishli normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq ko'rsatilgan bo'lsa. Shu munosabat bilan Buyurtmachining subyektiv noroziligi yoki qoniqmasligi o'qish to'lovlarini qaytarish, muzlatib qo'yish yoki boshqa moliyaviy talablar qo'yish uchun huquqiy asos hisoblanmaydi. Biroq Ijrochi tomonidan ta'lim xizmatlari sifat jihatidan belgilangan standartlar va shartnoma shartlariga nomuvofiq ravishda ko'rsatilganligi isbotlangan taqdirda, Buyurtmachi O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq shartnomani bekor qilish hamda to'langan pul mablag'larini to'liq yoki qisman qaytarishni talab qilish huquqiga ega.

10.2. Buyurtmachi (O'quvchi) o'qish davrida o'z xohishiga ko'ra o'qishni vaqtincha yoki to'liq to'xtatishga qaror qilsa, Ijrochini xabardor qilgan taqdirda ham to'lov puli qaytarib berilmaydi. Ijrochi Buyurtmachi (O'quvchi) foydasiga «Tanaffus», ya'ni 3 (uch) oydan ko'p bo'lmagan muddatga to'lovni muzlatish imkoniyatini taqdim etish huquqiga ega, ammo majbur emas. To'lov puli uchinchi shaxslarga (yoki Buyurtmachining qarindoshlariga) o'tkazilmaydi. «Tanaffus» atamasi pulni qaytarib berishni anglatmaydi va to'lov puli 3 (uch) oylik muzlatishdan keyin kuyadi.

10.3. Tomonlar ushbu Shartnomani bajarish jarayonida yuzaga keladigan nizo va kelishmovchiliklarni o'zaro muzokaralar yo'li bilan hal qilish uchun barcha zarur choralarni ko'radilar. Muzokaralar yo'li bilan hal etishning imkoni bo'lmasa, nizolar O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq sud tartibida hal etiladi.

10.4. Ushbu Shartnomada tartibga solinmagan barcha masalalar O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq hal qilinadi.

10.5. Buyurtmachi Ofertani akseptlash orqali uning har bir bandini diqqat bilan o'rganib chiqqanini, tushunganini va qabul qilganini tasdiqlaydi.

10.6. Shartnoma 3.2-bandga muvofiq kuchga kiradi va Tomonlar majburiyatlarini to'liq bajarguncha amal qiladi. Agar yakuniy Modulning 12 (o'n ikkinchi) asosiy darsi tugaganidan keyin 10 (o'n) kalendar kun ichida Buyurtmachi (O'quvchi) tomonidan xizmatlar sifati to'g'risida yozma e'tiroz bildirilmagan bo'lsa, xizmatlar lozim darajada ko'rsatilgan va Buyurtmachi (O'quvchi) tomonidan to'liq qabul qilingan deb hisoblanadi.

10.7. Ofertaning elektron shakli va Akseptni tasdiqlovchi elektron yozuvlar (anketa, to'lov cheki, LMS/CRM va Telegram yozishmalari) Tomonlar o'rtasidagi shartnoma munosabatlarini tasdiqlovchi dalil hisoblanadi.

11.Ijrochining rekvizitlari

«KELAJAK MUHANDISLARI» MChJ (Robify Academy)

Manzil
Toshkent sh., Chilonzor t., Chilonzor k., 83-uy, 5-qavat
Bank
«KAPITALBANK» ATB, Chorsu filiali
H/R
2020 8000 7074 7396 1001
STIR
313054811
MFO
01158
Tel.
+998 55 517 78 88
Guvohnoma
Registr. №3232631/20.05.2026
Direktor
Raxmatov J.